
Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti va Teach for Uzbekistan o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi imzolandi!
Ta’lim taraqqiyoti va pedagogik salohiyatni yuksaltirish maqsadida 2024-yil 24-may kuni Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti hamda Teach for Uzbekistan o‘rtasida muhim hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv mamlakatimiz ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, malakali pedagoglarni tayyorlash va innovatsion ta’lim dasturlarini ilgari surishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, Teach for Uzbekistan loyihasi dunyoning 65 ta mamlakatida ta’lim va uni rivojlantirish hamda sifatli ta’limning adolatli taqsimlanishiga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlovchi Teach for All global tarmog‘ining hamkoridir.
Ushbu tashkilotning asosiy maqsadi har bir bolaga, uning ijtimoiy mavqei va yashash joyidan qat’i nazar, sifatli ta’lim berishdan iboratdir. Mamlakatimizda ham tizimli ta’lim islohotlarini amalga oshirish va ijtimoiy innovatsiyalarni rivojlantirish uchun yetakchilar hamjamiyatini rivojlantirish kabi bir qator foydali maqsadlar yo‘lida O‘zbekiston ham, Teach for All global tarmog‘ining nufuzli a’zosiga aylanib, sifatli ta’limni hamda keng imkoniyatlarni yaratish orqali jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga erishmoqda.
Hamkorlik doirasida Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti o‘zining akademik salohiyati va resurslarini safarbar etib, turli treninglar,ilmiy forumlar va metodik tadbirlarni tashkil etishda ko‘maklashadi. Universitet shuningdek, Teach for Uzbekistan dasturi ishtirokchilarining kasbiy rivojlanishiga ko‘mak berish maqsadida sertifikatlash dasturlarini amalga oshiradi. Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro ma’lumot va materiallar almashish orqali ta’lim tizimini chuqur tahlil qilish va takomillashtirish borasida hamkorlik qilishadi. Memorandum doirasidagi tashabbuslar nafaqat mavjud ta’lim standartlarini mustahkamlash, balki zamonaviy yondashuvlar orqali o‘qitish jarayonini innovatsion bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Ushbu hamkorlik uzoq muddatli strategik sheriklik asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tomonlar ta’lim sohasida yangi yutuqlarga erishish,zamonaviy pedagogika tamoyillarini amaliyotga joriy etish va yosh avlodga yuqori sifatli ta’lim berish maqsadida birgalikda ishlashni rejalashtirilgan.
Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti va Teach for Uzbekistan o‘rtasidagi hamkorlik memorandum nafaqat ta’lim jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, balki yosh pedagoglarning malakasini oshirish va ta’limning global standartlarga moslashuviga yo‘l ochadi. Ushbu hamkorlik mamlakatimizning ta’lim sifatini oshirish, yosh pedagoglarning kasbiy mahoratini mustahkamlash va ta‘lim muassasalarining innovatsion rivijlanishiga xizmat qiladi.
Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti va Teach for Uzbekistan tomonidan qo‘yilgan ushbu tashabbuslar nafaqat hozirgi ta’lim tizimiga balki kelajak avlodning intellektual va kasbiy taraqqiyotiga ham ulkan hissa qo‘shadi.
Bu hamkorlik ta’lim sohasida yangi bosqichlar ochadi va jamiyatimiz kelajagi uchun malakali, fidoyi va zamonaviy pedagoglar tayyorlashga xizmat qiladi.