O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi va Teach for Uzbekistan o‘rtasidagi hamkorlik memorandum imzolandi!
2024-yilning 29-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi hamda Teach for Uzbekistan o‘rtasida umumiy o‘rta ta’lim tizimini rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
2024-yilning 29-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi hamda Teach for Uzbekistan o‘rtasida umumiy o‘rta ta’lim tizimini rivojlantirish va uni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ma’lumki, Teach for Uzbekistan loyihasi dunyoning 63 ta mamlakatida ta’lim va uni rivojlantirish hamda sifatli ta’limning adolatli taqsimlanishiga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlovchi Teach for All global tarmog‘ining hamkoridir. Ushbu tashkilotning asosiy maqsadi har bir bolaga, uning ijtimoiy mavqei va yashash joyidan qat’i nazar, sifatli ta’lim berishdan iboratdir. Mamlakatimizda ham tizimli ta’lim islohotlarini amalga oshirish va ijtimoiy innovatsiyalarni rivojlantirish uchun yetakchilar hamjamiyatini rivojlantirish kabi bir qator foydali maqsadlar yo‘lida O‘zbekiston ham, Teach for All global tarmog‘ining nufuzli a’zosiga aylanib, sifatli ta’limni hamda keng imkoniyatlarni yaratish orqali jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga erishmoqda. Ushbu hamkorlik doirasida imzolangan memorandum bir qator yo‘nalishlarga bo‘lingan bo‘lib, teng imkoniyatlar g‘oyasidan ilhomlanib, biz har bir bolaga o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini beradigan hamjamiyatni yaratishni maqsad qilganmiz. Ta’limni biz yorqin kelajakka eltuvchi kalit va jamiyatdagi ijobiy o‘zgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi deb bilamiz. Bizning maqsadimiz nafaqat o‘qitish, balki ilhomlantirish va yangi avlod yetakchilarini shakllantirishdan iboratdir.. Shubhasiz, mamlakat bo‘ylab sifatli ta’limning joriy etilishida eng muhim jihatlaridan biri bu iqtidorli hamda malakali pedagoglarning ta’lim sohasiga jalb etilishidir. Chunki yosh avlodni sifatli o‘qitish va tarbiyalashni shunga munosib sifatli o‘qituvchilarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Memorandumning yana bir yo‘nalishlaridan biri bu ta’limdagi o‘zgarishlarga tashabbus ko‘rsatuvchi jamiyatni shakllantirishdan iboratdir, chunki har bir mamlakatning rivojlanishi uchun sifatli ta’lim qanchalik muhim bo‘lsa, bunday sifatli ta’limdagi islohotlarga “labbay” deydigan tashabbuskor jamiyatning shakllanganligi ham muhim masaladir. Maktab ta’limi tizimida zamonaviy hamda innovatsion o‘qitish metodlarini joriy qilish va maktab tizimlarini takomillashtirish uchun samarali yechimlarni ishlab chiqish ham memorandumning asosiy vazifalaridandir. Maktab har bir yosh avlod uchun oliy ta’limga qadar birlamchi ta’lim va tarbiya maskani bo‘lgani bois, undagi ta’lim tizimining zamonaviy, sifatli va puxta bo‘lishi hamda innovatsion o‘qitish metodlarining mavjudligi o‘sib kelayotgan yosh avlodning porloq kelajagi uchun eng asosiy va mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi. Memorandum doirasida maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi tomonidan ta’lim muassasalari haqida ma’lumot taqdim etish, hamkorlikdagi loyihalarni ilgari surishda ko‘maklashish va stipendiatlarning maktab tizimiga moslashuvida amaliy yordam berish nazarda tutilgan. Teach for Uzbekistan va Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi hududiy bo‘limlari hamda maktablar o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzish orqali Teach for Uzbekistan o‘qituvchilari hamda ularning malakasiga mos ravishda lavozimlarga ishga joylashtirishni qo‘llab-quvvatlash belgilangan. Bunga ko‘ra, vazirlik Teach for Uzbekistan a’zolarning mehnat sharoitlariga rioya etilganligini nazorat qiladi hamda ularning ish jarayonida professional rivojlanishiga yordam beradi, bu esa, o‘z navbatida mamlakat ta’lim tizimida uzoq muddatli o‘zgarishlar uchun mustahkam asos yaratadi hamda mamalakatda joriy etilgan sifatli ta’lim tizimi soyasida jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Teach for Uzbekistan bilan amalga oshirilayotgan shu va shu kabi qator hamkorliklar ta’lim sifatini oshirish, yosh avlod uchun zamonaviy va innovatsion o‘qish sharoitlarini yaratish orqali ularga to‘g‘ri va sifatli ta’lim berish, yuqori malakali pedagoglarni tayyorlash uchun sharoit yaratishga qaratilgandir. Bu kabi loyihalar, shubhasiz, mamlakat yoshlarining sifatli ta’limdan bahramand bo‘lishi orqali o‘zi uchun yorug‘ kelajak qurishi, mamlakat bo‘ylab barcha uchun sifatli ta’limning adolatli taqsimlanishi, mamlakatning har tomonlama rivojlanishi uchun muhim ko‘makchidir.