Yangiliklar
Taʼlimni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik
Eʼlon qilingan sana 26-iyun, 2025

Saida Mirziyoyeva va taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish hamda taʼlim sohasida yetakchilikni rivojlantirish yoʻlida faoliyat yurituvchi tashkilotlarni birlashtirgan Teach For All global tarmogʻi asoschisi Vendi Kopp oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Markaziy Osiyoda taʼlimni rivojlantirish boʻldi. Tomonlar mintaqaning taʼlim va xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi yutuqlari, shuningdek, toʻplangan tajribani mintaqadan tashqarida ham ulashish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuv davomida oʻtgan yildan buyon Teach For All global tarmogʻining bir qismi boʻlgan Teach For Uzbekistan faoliyati ham alohida qayd etildi. Bugungi kunda dastur yetakchilik salohiyatiga ega yosh mutaxassislarni birlashtirib, ularning Oʻzbekiston hududlaridagi maktablarda faoliyat yuritishi va bolalar uchun taʼlim imkoniyatlarini rivojlantirishga hissa qoʻshishini qoʻllab-quvvatlamoqda.
Teach For All tarmogʻiga qoʻshilish Teach For Uzbekistan uchun turli mamlakatlardagi hamkor tashkilotlar bilan tajriba almashish va taʼlimda yetakchilik hamda uzoq muddatli oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan global hamjamiyatning bir qismi boʻlish imkonini beradi.