Yangiliklar
Buyuk Britaniyadagi Oʻzbekiston Talabalar Ittifoqi aʼzolari uchun Teach For Uzbekistan taqdimoti boʻlib oʻtdi
Eʼlon qilingan sana 3-mart, 2025

2025-yil 1-mart kuni Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan Oʻzbekistonlik talabalar va bitiruvchilar uchun Teach For Uzbekistan dasturini tanishtirishga bagʻishlangan muhim onlayn sessiya boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir Buyuk Britaniyadagi Oʻzbekiston Talabalar Ittifoqi va Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu sessiya xorijda tahsil olayotgan iqtidorli yoshlar uchun Oʻzbekiston taʼlim tizimida faoliyat yuritish imkoniyatlarini ochib berish, shuningdek, ularning Oʻzbekistonga qaytib, jamiyat rivojiga oʻz hissasini qoʻshishga undash maqsadida oʻtkazildi.
Tadbir davomida Teach For Uzbekistan xalqaro rekrutment va taʼlim boʻyicha maslahatchisi Elyor Xasanov dastur haqida batafsil maʼlumot berdi. Dastur Oʻzbekistondagi maktab taʼlimiga yangi kuchlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni taʼlim tizimida faoliyat yuritishga ragʻbatlantirish va pedagogik islohotlarga hissa qoʻshish maqsadida yaratilgan. Ishtirokchilar oʻqituvchilik mahoratini rivojlantirib, zamonaviy taʼlim usullari bilan ishlashni oʻrganadilar. Bundan tashqari, liderlik, menejment va taʼlim sohasida innovatsion yechimlar yaratish boʻyicha tajriba orttiradilar. Dasturga nafaqat pedagogika yoʻnalishida tahsil olgan yoshlar, balki turli sohalarda bilimga ega boʻlgan, taʼlim tizimida innovatsiyalar joriy etishga qiziqqan nomzodlar ham ariza topshirishi mumkin.
Sessiyada ishtirok etgan talabalar va bitiruvchilar dasturga oid savollar bilan murojaat qilishdi. Ular oʻqituvchilik kasbi va taʼlim sohasida ishlash istiqbollari, dastur ishtirokchilariga taqdim etiladigan oʻquv va moliyaviy imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot olishdi.
Teach For Uzbekistan nafaqat Buyuk Britaniyada, balki dunyoning yana 10 ta davlatida shunday tadbirlarni muntazam ravishda oʻtkazishni rejalashtirgan. Ushbu tashabbus xalqaro miqyosda Oʻzbekistonlik yoshlar orasida taʼlim sohasi boʻyicha xabardorlikni oshirishga va ularga yangi istiqbollar ochishga xizmat qiladi.