Teach For Uzbekistan

Markaziy Osiyo iqlim konferensiyasi Moʻynoqda boʻlib oʻtdi

Eʼlon qilingan sana 3-aprel, 2026

Moʻynoqdagi Markaziy Osiyo iqlim konferensiyasi ishtirokchilari

Moʻynoqda «Iqlim taʼlimi va yetakchilik» dasturining birinchi bosqichiga yakun yasagan Markaziy Osiyo iqlim konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Uch kun davomida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistondan kelgan ishtirokchilar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi, amalga oshirgan ishlari natijalarini taqdim etdi va iqlim taʼlimi sohasidagi kelgusi tashabbuslarni muhokama qildi.

Konferensiya uchun Moʻynoqning tanlanishi bejiz emas. Orolboʻyi hududi ekologik oʻzgarishlarning oqibatlarini yaqqol koʻrsatib, ekologik savodxonlik, atrof-muhitga masʼuliyatli munosabat va birgalikdagi harakatlarning naqadar muhimligini eslatib turadi.

Mahalliy va mintaqaviy ekspertlar hamda faollar bilan birgalikda ishtirokchilar Markaziy Osiyodagi dolzarb ekologik muammolarni muhokama qildi, fikr va tajriba almashdi hamda oʻz hamjamiyatlarida rivojlantirish mumkin boʻlgan yechimlar ustida ishladi.

Konferensiyaning asosiy mavzularidan biri bilimdan amaliy harakatga oʻtish boʻldi. Ishtirokchilar amalga oshirilgan loyihalar natijalarini sarhisob qilish bilan birga, oʻz tashabbuslarini yanada rivojlantirish uchun yangi bilim va vositalarga ega boʻldi.

Konferensiyaning ramziga barcha ishtirokchilar birgalikda yaratgan pechvork — alohida mato boʻlaklaridan yigʻilgan yaxlit kompozitsiya aylandi. Unda turli hikoya va gʻoyalar birlashib, mintaqamizning umumiyligi hamda ekologik muammolar oldidagi birgalikdagi masʼuliyatimiz oʻz ifodasini topdi.

Issiqkoʻl qirgʻoqlaridan Orolboʻyigacha — dastur ishtirokchilarini iqlim taʼlimini rivojlantirish va Markaziy Osiyoning barqaror kelajagi uchun birgalikda yechim izlash maqsadi birlashtiradi.

← Barcha yangiliklar