
Ta’lim sifati va ekologik madaniyatni rivojlantirishga doir masalalar muhokama qilindi!
Joriy yilning 18-fevral kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi "Teach for Uzbekistan" tashkiloti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda raqamli ta’limni rivojlantirish, STEM fanlarining o‘qitilishi va ta’lim oluvchilar o‘rtasida ekologik savodxonlikni oshirishga doir masalalar muhokama qilindi.

Bugungi kunda fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika, bir so‘z bilan aytganda, STEM fanlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda.
O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ustuvor hisoblangan sohalar bo‘yicha yetakchilik xususiyatiga ega bo‘lgan pedagoglarni tayyorlash, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda xalqaro loyihalarda ishtirok etish, xorijiy davlatlar idora va tashkilotlarida hamda yirik kompaniyalarda ularning stajirovka o‘tash masalalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, "Teach for Uzbekistan" ta’sischisi va direktori Umida Yo‘ldoshova tomonidan faoliyatini tubdan transformatsiya qilinishi orqali chekka hududlardagi o‘quvchilarning bilim darajasini oshirish, maktablardagi pedagoglarning nafaqat nazariy, balki, amaliy tajribasini ham orttirish, O‘zbekistonda yanada samarali va maqsadli ta’lim tizimlarini joriy etish mexanizmlarini yaratish takliflari kiritildi.

Uchrashuv yakunida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha muloqotlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi va yaqin vaqtlar ichida ushbu takliflarni o‘z ichiga olgan hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olindi.