International Talents Academy va Teach for Uzbekistan o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi!

International Talents Academy va Teach for Uzbekistan o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi!

1-1.jpg

Zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish, yosh liderlarni tarbiyalash va pedagoglarning professional rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-yil 12-iyun kuni International Talents Academy va Teach for Uzbekistan o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion yondashuvlarni ilgari surish va ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.  

Mazkur memorandum doirasida tomonlar pedagogik innovatsiyalar, startap loyihalar va kasbiy rivojlanish dasturlarini birgalikda amalga oshirishni rejalashtirgan. Ta’lim sifati bevosita pedagoglarning kasbiy mahoratiga bog‘liq. Shu sababli, International Talents Academy va Teach for Uzbekistan o‘qituvchilar uchun maxsus treninglar, mahorat darslari va amaliy seminarlarni tashkil etadi. Ushbu tadbirlar orqali o‘qituvchilar ilg‘or pedagogik yondashuvlarni o‘rganadi, o‘quv jarayonini yanada samarali tashkil etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Memorandum ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishga ham qaratilgan. Tomonlar ta’lim sohasida ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy maqolalar va tadqiqotlar almashinuvi orqali pedagogika sohasidagi dolzarb masalalarni chuqur o‘rganish hamda yangi uslub va metodlarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qiladi.Innovatsion startaplar va ta’lim texnologiyalari zamonaviy ta’lim tizimining ajralmas qismiga aylanmoqda. Ushbu memorandum doirasida International Talents Academy va Teach for Uzbekistan iqtidorli yoshlarning g‘oyalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, innovatsion startap loyihalarni moliyaviy va akademik jihatdan qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.  

Ilmiy va amaliy bilimlarni ommalashtirish hamda ta’lim sohasida tajriba almashish maqsadida tomonlar xalqaro va mahalliy miqyosdagi konferensiyalar, forumlar va treninglarni tashkil etadi. Bu tadbirlar pedagoglarning malakasini oshirish bilan birga, ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalarni umumiy muhokama qilish va amaliyotga joriy etish imkonini beradi.  

Talents Academy ushbu hamkorlik doirasida tadbirlarni o‘tkazish uchun o‘z resurslarini taqdim etadi, o‘qituvchilar va yosh mutaxassislarning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi. Shuningdek, yosh liderlarni jalb qilish, ularning kasbiy rivojlanishi va ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni olib kirish bo‘yicha hamkorlik olib boriladi.   

Memorandum nafaqat bugungi ta’lim tizimiga, balki kelajak avlodning intellektual va kasbiy rivojlanishiga ham xizmat qiladi. International Talents Academy va Teach for Uzbekistan tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bu hamkorlik o‘qituvchilarning malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion ta’lim dasturlarini amalga oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.  

International Talents Academy va Teach for Uzbekistan o‘rtasidagi ushbu hamkorlik mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, yosh pedagoglarning kasbiy mahoratini mustahkamlash va ta’lim muassasalarining innovatsion rivojlanishiga xizmat qiladi.  

Teach For Uzbekistan
Author

Teach For Uzbekistan