Toshkent farmatsevtika instituti hamda  “Teach for Uzbekistan” hamkorligida “Karyera kuni” bo‘lib o‘tdi!

Toshkent farmatsevtika instituti hamda “Teach for Uzbekistan” hamkorligida “Karyera kuni” bo‘lib o‘tdi!

Bugungi kunda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ish beruvchilar bilan bevosita aloqalar o‘rnatish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda Toshkent farmatsevtika instituti hamda “Teach for Uzbekistan” nodavlat tashkiloti hamkorligida “Karyera kuni” tadbiri tashkil etildi.

8
 

Tadbir institut bitiruvchilari va talabalari uchun kelajakdagi ish faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha amaliy tajriba orttirish va nufuzli tashkilotlar bilan tanishish imkoniyatini taqdim etdi.

Tadbirni Toshkent farmatsevtika instituti Amaliyot ishlari bo‘yicha prorektori Maksudova Feruza Xurshidovna ochib, yosh mutaxassislarning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni haqida to‘xtalib o‘tdi. U mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish uchun nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy ko‘nikmalar ham muhim ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, Feruza Xurshidovna talabalarni o‘z ustida ishlash, kasbiy rivojlanish va doimiy o‘rganish muhim ekanligiga chorladi. U “Karyera kuni” tadbiri yosh mutaxassislar va ish beruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishda samarali platforma ekanligini qayd etdi.

Tadbir davomida yirik ish beruvchi tashkilotlardan biri – “Teach for Uzbekistan” nodavlat tashkiloti vakili Rahmanova Sagdiana ishtirok etib, tashkilot faoliyati, strategik maqsadlari hamda yosh mutaxassislar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U o‘z chiqishida “Teach for Uzbekistan” tashkiloti yosh kadrlarni o‘qitish va rivojlantirishga qaratilgan innovatsion dasturlari bilan ajralib turishini ta’kidlab, farmatsevtika sohasi vakillari uchun mavjud ish o‘rinlari va professional rivojlanish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi. Talabalarga ushbu tashkilot va uning tarmoq tuzilmalari doirasida mehnat faoliyatini olib borish bo‘yicha qimmatli tavsiyalar ham berildi.

1-1


 

“Karyera kuni” doirasida talabalarga o‘zlari qiziqqan ish beruvchi tashkilotlar bilan bevosita uchrashish, ularning faoliyati bilan tanishish va mehnat bozoridagi real talablar haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratildi. Tadbir davomida ishtirokchilar ishga qabul jarayonlari va intervyu bosqichlari haqida bilib oldilar. Kasbiy rivojlanish uchun qanday ko‘nikmalarga ega bo‘lish muhimligi yuzasidan maslahatlar oldilar. Amaliyot dasturlari va ishga joylashish imkoniyatlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘ldilar. 

Talabalar ish beruvchilar bilan ochiq muloqot olib borish jarayonida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda ish beruvchilar bilan kelgusida hamkorlik qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.

“Karyera kuni” yosh mutaxassislar uchun nafaqat yangi ish imkoniyatlari, balki o‘z kasbiy yo‘nalishlarini aniqlash, bozor talablari bilan tanishish hamda ish beruvchilar bilan bog‘lanish imkoniyatini taqdim etdi. Tadbir natijasida ko‘plab talabalar o‘zlari uchun istiqbolli yo‘nalishlarni aniqlab, mehnat faoliyatini boshlash uchun muhim tavsiyalar oldilar. 

4-1
 

Ushbu kabi tadbirlar yosh mutaxassislarning kasbiy rivojlanishiga xizmat qiladi va ularning o‘z sohasida muvaffaqiyat qozonishiga turtki beradi. Toshkent farmatsevtika instituti va “Teach for Uzbekistan” o‘rtasidagi bunday hamkorlik kelajakda ham davom etishi va talabalar uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

Teach For Uzbekistan
Автор

Teach For Uzbekistan